"Yaks” savdo belgisi ostida kir yuvish kukunlari sotuvga chiqarilishi haqida avval xabar bergan edik.
Endilikda ushbu kukunlar nafaqat yurtimiz, balki Rossiya
internet-servislarida ham faol reklama qilinishni boshladi. Biroq,
ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarning birida foydalanuvchilar "Yaks”
reklamasida xato borligini dalil – reklamadan olingan skrinshot bilan ko‘rsatdi.

Unda rus tilidagi "Мы думаем толька о Вас” ("Faqat siz haqingizda
o‘ylaymiz”) matni imloviy xato bilan yozilib, "только” so‘zi "толька”
shaklida noto‘g‘ri ifodalangan. Shuncha shov-shuv keltirib chiqarib,
ko‘pchilikda haqiqiy qiziqish uyg‘ota olgan "Yaks” savdo belgisi
reklamasida xatoga yo‘l qo‘yilishi internet foydalanuvchilari taajjubiga
sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha oy davomida O‘zbekistonda "Yaks” brendi
ostida noma’lum mahsulot reklama qilindi. Reklamada mahsulot nomidan
boshqa ma’lumot berilmagani sababli, ko‘pchilik qiziqish bilan uning
ma’lum bo‘lishini kutdi.
"Yaks” savdo belgisi shu vaqtga qadar qanday mahsulot yoki xizmat turi ekanligi haqida turli taxminlar "bolalagan” edi.
Ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari "Yaks” bu – sharbat
degan bo‘lsa, boshqalari 2012-yil o‘z faoliyatini to‘xtatgan
"MTS-O‘zbekiston” o‘rnini egallovchi yangi aloqa operatori deya taxmin
qildi.
Uning kir yuvish kukuni ekani ma’lum bo‘lgach, ijtimoiy tarmoqlar
foydalanuvchilari bunga turlicha munosabat bildirdi. Ularning ba’zilari
shuncha kutilgan narsaning "atigi” kir yuvish kukuni bo‘lib chiqqanidan hafsalasi pir bo‘ldi. Boshqalar
esa hali mahsulot chiqmasidan avval xaridorlarga ega bo‘la olgani uchun
"Yaks” marketologlari mahoratiga qoyil qolganini bildirdi. 3 oy ichida hammaning og‘ziga tusha olgani, marketingi kuchli ekanligi uchun maqtovlarga sazovor bo‘ldi.
|